“ASAKA MOTORS INTERNATIONAL” va TDTU o’rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
“ASAKA MOTORS INTERNATIONAL” va TDTU o’rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
“ASAKA MOTORS INTERNATIONAL” ma’suliyati cheklangan jamiyati bugungi kunda mamlakatimiz avtomobil sanoatida o’zining o’rnini tobora mustahkamlab borayotgan kompaniya sifatida e’tirof etilmoqda.
Muhtaram yurtboshimiz Sh.М.Mirziyoyevning tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatida tashkil etilgan mazkur korxona yiliga 25 mingta premium klassdagi EXEED avtomobillarini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shuningdek, joriy yilning iyul oyida Germaniyaning OPEL brendi bilan hamkorlikda ushbu zavod hududida yana bir avtomobil ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Memorandumda tomonlar hamkorlikning asosiy yo’nalishlari sifatida quyigalilarni belgilab oldilar:
– talabalarning malaka oshirishi va kelgusida ish bilan ta’minlash bo’yicha tomonlar o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri hamkorlik aloqalarini o’rnatish;
– davlat grantlari, donorlar va boshqalarni jalb qilgan qo’shma ilmiy-innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
– innovatsion ta’lim tizimini rivojlantirish bo’yicha qo’shma loyihalar;
– alohida dasturlarni amalga oshirish bo’yicha o’qituvchilar, murabbiylar va korxona mutahassislari almashinuvi;
– ilmiy-innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun yuqorida ko’rsatilgan universitet binolari va infratuzilmasini birgalikda ishlatish, shuningdek, unviersitet professor-o’qituvchilari va talabalarning innovatsion ilmiy va startap loyihalarini rivojlantirish tadbirlari uchun korxonaning ishlab chiqarish bazasi va binolaridan foydalanish;
– o’zaro kelishuv bo’yicha boshqa yo’nalishlar.
Hamkorlik memorandumini imzolash marosimida “ASAKA MOTORS INTERNATIONAL” kompaniyasi bosh direktori A.Jalilov boshchiligidagi delegatsiya Toshkent Davlat Texnika Universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor S.Turobjonov rahbarligidagi universitet ma’sul hodimlari bilan hamkorlik yo’nalishlarini ishlab chiqarish va ta’lim jarayonlarida tadbiq qilish, ushbu yo’nalishlarni yanada kengaytirish bo’yicha fikr almashdilar. Shuningdek, innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy qilishga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ta’limga, yoshlarni ish bilan ta’minlashga, iqtisodiyot va sanoatda yoshlarning salmog’ini oshirishga katta e’tibor qaratilayotilishi ta’kidlab o’tildi hamda bunday hamkorlik aloqalari yaqin kelajakda ham ta’lim, ham ishlab chiqarish sohalarida ulkan muvaffaqiyat olib kelishiga ishonch bildirildi.